Germaniyada yengil qurol va o‘z-o‘zini mudofaa qilish vositalari sotuvining oshishi kuzatilmoqda. Yil davomida yengil qurol olib yurish va saqlash uchun berilgan litsenziyalar soni ikki baravarga yaqin oshdi. Bu haqda Der Spiegel nashri ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“Biz qurol sotib oluvchilarning butunlay yangi toifasiga guvoh bo‘layapmiz. Ular bu yerga birinchi marta kelmoqda”, — deydi Germaniya qurol-yarog‘ sotuvchilari uyushmasining direktori Ingo Meynxard.
U yengil qurol barchaga ham to‘g‘ri kelavermasligi, chunki undan to‘g‘ri foydalanishni bilish zarurligini qo‘shimcha qildi.
Statistikaga ko‘ra, 2015-yilning sentabrida 273 ming germaniyalik yengil qurol saqlash uchun ruxsatnomaga ega bo‘lsa, bugungi kunga kelib bu ko‘rsatkich 440 ming nafarga yetgan. Shimoliy Reynning Vestfaliya, Bavariya va Quyi Saksoniya federal yerlari yengil qurol olib yurish uchun ruxsatnoma berilishining ortishi bo‘yicha yetakchi ekanligi ta’kidlanmoqda.
Izoh (0)