Joriy yilning 24-oktabr kuni Seul milliy universiteti qoshidagi Osiyo mamlakatlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazida bo‘lajak O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga O‘zbekiston Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi xabar qildi.
Tadbirda Janubiy Koreya ekspert-tahlilchilari, shu jumladan, MDH va Markaziy Osiyo mamlakatlarini o‘rganishga ixtisoslashgan Xallim, Dongduk va Kemyong singari oliy o‘quv yurtlarining taniqli ekspertlari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar O‘zbekistonda xalqaro huquqiy normalar, xususan, BMT, YXHTning tegishli nizomlariga muvofiq yaratilgan saylov tizimi qonunchiligi bilan tanishdi.
Osiyo mamlakatlarini o‘rganish ilmiy-tadqiqot markazi (SNUAC) direktori Kang Myong Guning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda saylov normalari, qonunchiligining tizimli va bosqichma-bosqich demokratlashtirilish hamda liberallashtirilishi samarasida saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishda tom ma’nodagi ochiqlik, oshkoralik va transparentlik tamoyillariga asoslangan demokratik amaliyotga muvofiqlikni ta’minlaydigan barcha shart-sharoit yaratilgan.
O‘z navbatida Siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar departamenti direktori, SNUAC qoshidagi Markaziy Osiyo mamlakatlarini o‘rganish mintaqaviy markazi rahbari Shinm Bom Shik tadbirni boshqarib, mazkur davra suhbati Janubiy koreyalik ekspertlarga O‘zbekistonning xalqaro standartlarga muvofiq shakllantirilgan saylov tizimini yanada chuqurroq tushunishi uchun yaxshi imkoniyat yaratganini ta’kidladi.
Shundan so‘ng Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi sobiq elchisi, Kemyon universiteti siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar fakulteti professori Chon De Van mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini bo‘lajak saylovlardan keyin yanada chuqurlashtirish Janubiy Koreya tomoni uchun muhim va manfaatli ekanini ta’kidladi. Shu bois ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni saqlash hamda yanada chuqurlashtirish yuzasidan tomonlar qarashi umumiyligi bildirildi.
Izoh (0)