Taniqli filippinlik bokschi Menni Pakyao bir paytlar hatto ovqatlanishga ozgina guruch topa olmas edi. Ammo temir iroda va mehnatsevarlik uni cho‘qqilarga olib keldi — Pakyao sakkizta turli vazn toifasida jahon chempioni bo‘lgan yagona bokschiga aylandi. Uning tarixini AdMe hikoya qiladi.
Ulkan shuhratga erishganiga qaramay, Pakyao qashshoq bolaligini unutmadi. Jang uchun olgan birinchi yirik mukofot pulini u mamlakatning eng qashshoq viloyati bo‘lmish Saranganida joylashgan ona qishlog‘i — Tango aholisi uchun uy qurib berishga sarfladi. Bokschi bu bilan to‘xtab qolmadi: bugungi kunga qadar uning hisobidan minglab oilalar uchun uylar barpo etildi.
Menni kambag‘allar uchun bunyod etilgan shinam qishloqni Pakman Villaj (Pac-Man — bokschining laqabi) deb atadi. Har bir uy ikkita oilaga mo‘ljallangan bo‘lib, ikkita alohida kirishga ega.
Yangi qishloqda sport bilan shug‘ullanishga mo‘ljallangan ochiq va yopiq maydonlar, jamoat bog‘i va ko‘p funksiyali markaz bor.
Menni o‘ta qashshoq va ko‘p bolali oilada tug‘ilgan bo‘lib, oila odatda bananlar va ildizlar bilan oziqlanar edi. 12 yoshda u maktabni tashlab, oilaviy novvoyxonada ishlay hamda ko‘chada shirin kulchalar sota boshladi. O‘shanda u boks bilan ham shug‘ullana boshladi. Mennining birinchi murabbiyi o‘z amakisi edi.
Amakisining eslashicha, bolakay har kuni soat 4:00 da turib, yugurgan.
“Yarim yillik mashg‘ulotlardan so‘ng men ‘bu bola chempion bo‘ladi’ dedim. Va haq bo‘lib chiqdim”, — eslaydi amakisi.
Bugun Menni Pakyao mamlakatning eng mashhur va hurmatga sazovor insonlaridan biridir. Bir necha yil muqaddam u siyosat bilan shug‘ullana boshladi hamda kongress saylovlarida g‘alaba qozondi.
Ushbu suratni Instagram’dagi sahifasiga joylashtirar ekan, Menni unga shunday izoh beradi:
“Bu hayot. Davlat xizmatchisi sifatida nima qilganim haqidagi savolga javoban jim turganimda meni tanqid ostiga olishadi. Men aynan nima qilganimni ko‘rsatganimda ham tanqid qilishadi”.
Izoh (0)