Moldovada yo‘l politsiyasining 28 xodimi 26-oktabr ertalabki soatlarda IIV rahbariyati ishtirokida o‘tgan Milliy politsiya inspektorati yig‘ilishida hibsga olindi. Ular poraxo‘rlikda ayblandi, deb xabar beradi “Interfaks”.
Aytilishicha, yig‘ilish chog‘ida Milliy politsiya inspektorati rahbari Aleksandr Pinzar 28 nafar politsiyachining nomini tilga oldi, ularga Korrupsiyaga qarshi kurash milliy markazi zobitlari yaqinlashib, kishanband holda zaldan olib chiqib ketdi. Yana besh nafar xodim qidiruvga berildi.
Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash prokuraturasi rahbari Viorel Morarning so‘zlariga qaraganda, politsiya bosh inspektorati va prokuraturaga poraxo‘rlik qurboniga aylangan fuqarolar arz qilgan.
“17 murojaat bor. Bular orasida oddiy fuqarolar bo‘lmish haydovchilar ham, avtoxizmatlar ko‘rsatuvchi kompaniyalar rahbariyati ham bor. Ularning bari tamagir inspektorlarga 100 leydan ming dollargacha to‘lagan. Masalaning narxi sodir etilgan qoidabuzarlikning og‘irligiga bog‘liq bo‘lgan”, — tushuntirdi u.
Izoh (0)