Ispaniyaning Intereconomia nashri elektron versiyasida O‘zbekistondagi Prezident saylovining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, uni tenglik prinsiplari asosida tashkil etish, fuqarolarning siyosiy faolligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan maqola chop etildi. Ushbu kontekstda keng jamoatchilikni, shu jumladan, fuqarolik jamiyati institutlarini, NNTlarni, OAVni ushbu tadbirni tashkil etish ishiga jalb qilish masalasi ko‘rib chiqildi, deb xabar beradi “Jahon”.
Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng miqyosli islohotlar natijasida fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni oshmoqda, keng jamoatchilikning ularga bo‘lgan ishonchi ortib bormoqda. Buning dalili sifatida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan okrug saylov komissiyalari a’zolarining ko‘pchilik qismi fuqarolik jamiyati vakillari va, xususan, ayollardan iboratligi keltiriladi.
O‘zbekistonda ayollarning saylov komissiyalari faoliyatidagi ishtirokini tahlil qilar ekan, nashr 2014-yilgi parlament saylovida ayollar okrug saylov komissiyalari a’zolarining 8 foizini, 2015-yilgi Prezident saylovida — 15 foizini tashkil qilganini, joriy yilda esa bu ko‘rsatkich 37 foizga yetganini qayd qilib o‘tadi.
Mamlakatda imkoniyatlari cheklangan insonlarning saylov jarayonida faol qatnashishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar alohida ta’kidlab o‘tildi. Xususan, nogironlarning uylarida va maxsus muassasalarda “Men — jamiyatning to‘laqonli a’zosi” nomli tadbirlar o‘tkazish, ularning doirasida tegishli materiallarning tarqatilishi ko‘zda tutilgan.
Nashrning xulosa qilishicha, jamoatchilikning saylovda tayyorgarlik ko‘rishda faol ishtirok etishini ta’minlashga qaratilgan bu kabi chora-tadbirlar fuqarolarning jamoat va davlat ishlarida ishtirok etish konstitutsion huquqining to‘laqonli realizatsiyasiga xizmat qiladi.
Izoh (0)