AQSh boshchiligidagi xalqaro aksilterror koalitsiyasi Harbiy-havo kuchlari Iroqning Kirkuk shahridan 30 kilometr janubda joylashgan Dakuk aholi punktidagi motam marosimiga zarba bermagan. Bu haqda IShID terrorchilik guruhiga qarshi G‘arb koalitsiyasi olib borayotgan Inherent Resolve operatsiyasi qo‘mondonligi matbuot xizmati ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“Hozirgi paytda fuqarolar orasidagi qurbonlarni koalitsiyaning ushbu hududdagi birorta ham zarbasi bilan bog‘lay olmaymiz”, — deb ta’kidladi agentlik suhbatdoshi.
U, shuningdek, koalitsiya tinch aholi uchun barcha tahdidlarni minimum darajaga yetkazganligini ma’lum qildi.
Avvalroq Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili Igor Konashenkov Rossiya razvedka vositalari xalqaro koalitsiya Dakukdagi motam marosimiga zarba berganini qayd etganligini ma’lum qilgan edi. Hujum oqibatida o‘nlab tinch aholi vakillari, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lgan.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)