Futbol bo‘yicha Angliya Premyer-Ligasining 9-tur bellashuvlari “Chelsi” hamda “Manchester Yunayted” klublari o‘rtasidagi o‘yin bilan o‘z yakuniga yetdi.
“Stemford Bridj” stadionida kechgan bellashuv mezbonlarning yirik — 4:0 hisobidagi g‘alabasi bilan tugadi. Qayd etish kerak, Joze Mourinyo boshqaruvidagi “Yunayted” ketma-ket uchinchi turda raqiblarini mag‘lub eta olmadi. Avvalgi ikki turda “qizil iblislar” “Stok Siti” va “Liverpul” bilan durang o‘ynagandi.
Mazkur g‘alaba London klubini turnir jadvalida 4-o‘ringa olib chiqdi. Unda ketma-ket uch turdan buyon ochko yo‘qotayotgan Manchester shahrining boshqa bir jamoasi “Siti” peshqadam bo‘lib turibdi. “Tottenhem”dan yengilgan va “Everton”ni mag‘lub eta olmagan Gvardiola jamoasi, bu safar o‘z maydonida “Sautgempton” qarshiligini sindira olmadi.
Ma’lumot uchun, “Chelsi” egasi Roman Abramovich ertaga — 24-oktabr kuni o‘zining 50 yoshini qarshi oladi. “Yunayted”ga qarshi o‘yin oldidan “Chelsi” bosh murabbiyi Antonio Konte Abramovichning tug‘ilgan kuniga g‘alaba sovg‘a qilinishi haqida aytib o‘tgandi.
Angliya Premyer-Ligasi 9-tur uchrashuvi 23-oktabr, yakshanba
Izoh (0)