Ukraina chegarachilari uchuvchisiz uchar qurilmadan foydalangan holda sigaretlar kontrabandasi bilan shug‘ullangan shaxsni qo‘lga oldi, deya xabar bermoqda TJournal.
Hodisa Vengriya bilan chegarada yuz bergan. Osmonda dronni ko‘rgan chegarachilar uning egasini qidirishga tushgan. Ko‘p o‘tmay olti parrakli kvadrokopter ham, uning egasi ham topilgan va qo‘lga olingan.
Tintuv vaqtida gumonlanuvchining yonidan Ukrainada ishlab chiqarilgan 16 blok sigaret topilgan. Xuddi shuncha tamaki dronga ham mahkamlangan bo‘lgan. Shundan kelib chiqib, chegarachilar dron egasini Vengriyaga tamaki o‘tkazishga uringanlikda gumon qilmoqda.
Avvalroq Ukraina chegara xizmati vakili Oleg Slobodyan sigaretlar Ukrainadan Yevropa Ittifoqiga kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilayotgan eng asosiy mahsulot ekanini ma’lum qilgan edi. Jumladan, 2015-yili Vengriya, Ruminiya, Polsha va Slovakiya bilan chegarada 2,5 million quti tamaki mahsuloti ushlab qolingan, bu 2014-yilgi ko‘rsatkichdan bir yarim barobar ko‘p.
Tamakini aylanmalar yo‘llar bilan o‘tkazishda faqat dronlardan foydalanilmaydi. Oktabr oyi boshida rossiyalik fuqaro sigaret pachkalari yashiringan qutini Litvaga o‘tkazish uchun Neman daryosini suzib o‘tgan edi.
Izoh (0)