Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) JCh–2018 turnirini o‘tkazish qoidalariga qator o‘zgartirishlar kiritdi. Bu haqda AP agentligiga tayanib, “Sport-Ekspress” xabar bermoqda.
Yangi qoidaga ko‘ra, JCh–2018 turniri guruh bosqichida jamoalar bir xil ochko, bir xil to‘plar nisbati va o‘zaro o‘yinlarda tenglikka ega bo‘lsa, Fair Play reytingi, ya’ni futbolchilar tomonidan olingan sariq va qizil kartochkalar soni inobatga olinadi.
JCh–2018 ning barcha ishtirokchilari o‘z ixtiyorida raqam va familiyasi yozilmagan darvozabon uchun zaxira forma to‘plamiga ega bo‘lishi kerak. Agar darvozabon o‘yin davomida jarohat olsa yoki maydondan chetlatilgan paytda zaxira imkoniyati qolmagan bo‘lsa, raqam va familiyasiz futbolka uning o‘rnini egallaydigan maydondagi futbolchi uchun kerak bo‘ladi.
Avgust oyida Bolgariyaning “Ludogorets” va Ruminiyaning “Styaua” klublari o‘rtasidagi Yevropa Chempionlar Ligasi bahsida shunga o‘xshash holat kuzatildi. “Ludogorets” futbolchisi Kosmin Motsi zaxira posboniga tegishli, uning raqami va familiyasi yozilgan futbolkada o‘ynashga majbur bo‘lgandi.
Shuningdek, yangi qoidalarga ko‘ra, FIFA prezidenti jahon chempioni bo‘lgan terma jamoa sardoriga sovrinni topshirishga majbur bo‘lmaydi.
Izoh (0)