Bahrayn mezbonlik qilayotgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo Chempionatini O‘zbekiston termasi irodali g‘alaba bilan boshladi. “D” guruhining 1-turi doirasida Tojikistonga qarshi saf tortgan Jasur Abduraimov boshqaruvidagi jamoa 2:1 hisobida ustun keldi.
Hisob birinchi bo‘limda tojikistonlik futbolchilar tomonidan ochilgan bo‘lsa, ikkinchi 45 daqiqalikda o‘zbekistonliklar 2 ta gol urishga erishdi. Bu yo‘lda Jasur Abduraimov ikkinchi bo‘lim boshidanoq 3 ta o‘zgarishga qo‘l urdi va o‘yinning borishini o‘zgartirib yubordi. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilardan biri hisob tenglashtiruvchi golga mualliflik qildi.
“D” guruhining ikkinchi o‘yini 15-oktabr, Toshkent vaqti bilan 21:30 da start olib, Avstraliya va Xitoy yoshlari o‘zaro kurash olib boradi.
Ma’lumot uchun, turnir yarim finaliga qadar yetib borgan to‘rtta mamlakat termalari 2017-yil Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan Jahon Chempionatida ishtirok etadi.
Osiyo Chempionati—U19 “D” guruhi. 1-tur 15-oktabr, shanba
O‘zbekiston — Tojikiston 2:1
Gollar: Karomatullo Saidov, 19 (0:1). Saidjamol Davlatjonov, 68 (1:1). Jasur Yaxshiboyev, 72 (2:1).O‘zbekiston: Umid Ergashev — Hojiakbar Alijonov, Islom Qobilov, Xushnud Avilov, Aziz G‘aniyev, Sanjar Qodirqulov (Saidjamol Davlatjonov, 46), Jasur Yaxshiboyev, Sharof Muhiddinov, Oybek Rustamov, Bekzod G‘anijonov (Bobir Abdixoliqov, 46), Nurillo To‘xtasinov (Jamshid Yusupov, 46).
Izoh (0)