Gaiti Respublikasida “Mettyu” dovuli tufayli halok bo‘lganlar soni 470 kishidan oshdi. Bu haqda BMT gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan 13-oktabr, payshanba kuni chop etilgan hisobotda so‘z yuritiladi, deb yozadi “TASS”.
“Gaiti Fuqarolarni himoya qilish boshqarmasi 473 ta o‘lim holati, 339 kishining yaralanganligi va 75 kishining bedarak yo‘qolganligini tasdiqladi”, — deyiladi boshqarma hisobotida.
Uning ma’lumotlariga qaraganda, 1 million 411 ming kishi, jumladan, 590 ming bola gumanitar yordamga muhtoj. Hisobotda ta’kidlanishicha, tabiiy ofat oqibatida jami 2,1 million kishiga zarar yetgan.
BMT gumanitar boshqarmasining ma’lum qilishicha, yordamga muhtoj kishilarning soni oshib borishi kutilmoqda.
10-oktabr, dushanba kuni BMT mamlakatlarga Gaiti aholisiga yaqin oylarda yordam ko‘rsatish uchun 120 million dollar mablag‘ ajratish haqidagi iltimos bilan murojaat qilgan edi. Boshqarmaning ma’lum qilishicha, hozirgi paytga qadar donorlar tomonidan 26 million dollar o‘tkazilgan.
Oldinroq Reuters agentligi mahalliy mansabdorlarga tayanib, Gaitida dovul tufayli 1000 kishi qurbon bo‘lganini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)