2016-yil 13-oktabrda Vazirlar Mahkamasining joriy yil 9 oyida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini, 2016-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini amalga oshirish natijadorligini muhokama qilishga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev olib bordi.
Majlisda mamlakatni rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari, shuningdek, iqtisodiyot va uning tarmoqlarini isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va modernizatsiyalashni chuqurlashtirishning eng muhim vazifalarini bajarish, joriy yilda foydalanishga topshiriladigan eng muhim obyektlarni ishga tushirishni so‘zsiz ta’minlash, mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish, mahalliy mahsulotlar eksportini ko‘paytirish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar natijadorligi har tomonlama ko‘rib chiqildi va tanqidiy tahlil qilindi.
Qayd etildiki, joriy yil 9 oyi yakunlari bo‘yicha mamlakat yalpi ichki mahsuloti o‘sishi 7,8 foizni, sanoat o‘sishi 7,2 foizni, qurilish ishlari hajmi o‘sishi 15 foizni, chakana savdo aylanmasi o‘sishi 14,2 foizni, xizmatlar ko‘rsatish hajmi o‘sishi 12,4 foizni tashkil etdi. Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi. Inflyatsiya darajasi prognoz parametrlaridan oshmadi.
Qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlar faol amalga oshirilishi natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 6,4 foizga o‘sishi ta’minlandi.
Izoh (0)