Izzatilla Toshkenboyev Italiyadagi XIII Chitta di Pezaro xalqaro musiqa tanlovidagi “Milliy kuylar” toifasida, “Musiqa uchun Di Ferdinando” va Vittorio Livi nomidagi xalqaro tanlovlarning bosh mukofotlarini qo‘lga kiritdi. Bu haqda “Jahon” xabar bermoqda.
U Joakkino Rossini nomidagi Xalqaro musiqa festivalida o‘zbek milliy musiqa asbobi — changda “Sevilyalik sartarosh” operasidagi musiqali muqaddimani hamda o‘zbek va jahon mumtoz san’ati asarlarini yuksak mahorat bilan ijro etgani bois ulkan muvaffaqiyat va e’tirofga sazovor bo‘ldi. U O‘zbekistondan birinchi bo‘lib “Kelajak musiqachisi” toifasida musiqa olamidagi eng yuksak mukofotlardan biri — “Chinni qalb” sovrinini qo‘lga kiritdi.
Keng miqyosda e’tirof qozonish I. Toshkenboyevga Vatikanning mashhur Avliyo Pyotr maydonida Italiyaning RAI teleradiokompaniyasi tomonidan tashkil qilingan Xalqlar o‘rtasida san’at va musiqa vositasidagi do‘stlik festivalida butun jahonning yuz minglab tomoshabinlari qarshisida o‘z mahoratini namoyish etish imkonini berdi. Yosh sozanda chang asbobida musiqani zo‘r mahorat bilan ijro etgani bois Rim Papasi Fransisk o‘z taassurotini izhor etgan holda u bilan shaxsan tanishdi. Pontifik O‘zbekiston vakili taqdim etgan do‘ppini esdalik sovg‘asi sifatida oldi.
Izoh (0)