Italiya Milliy Olimpiya qo‘mitasi 2024-yilgi Olimpiadani o‘tkazish uchun bahslardan Rimni chiqarib yubordi. Bu haqda, Reuters’ga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Mamlakat Olimpiya qo‘mitasi rahbari Jovanni Malagoning so‘zlariga qaraganda, bugun, 11-oktabr kuni Xalqaro olimpiya qo‘mitasiga maktub yo‘llanib, Italiyaning da’vogarlik arizasi qaytarib olingan.
21-sentabr kuni Rimning yangi saylangan meri, muxolif “‘5 yulduz’ harakati” vakilasi Virjiniya Raji Italiya poytaxti 2024-yilgi O‘yinlarni o‘tkazishga da’vogarlikdan voz kechishini ma’lum qildi. Qaror shahar kengashida ratifikatsiyadan o‘tdi.
Malago merning rad javobidan so‘ng bu borada hech qanday qadamlar tashlanmasligini, “Italiya nufuzini yo‘qotgan”i va “ishonchga ega emas”ligini aytdi. Mamlakat bosh vaziri Matteo Rensi esa “Olimpiada partiyasi yopildi” deb ta’kidladi.
2024-yilgi Olimpiada tashkilotchisi bo‘ladigan shahar 2017-yil 13-sentabr kuni Peru poytaxti Limada e’lon qilinadi. Da’vogar shaharlar — Los-Anjeles, Parij va Budapesht.
Izoh (0)