Gollandiyadagi bir nechta havaskor futbol klublari sun’iy qoplamali chimlardagi mashg‘ulot va o‘yinlarni bekor qilib, o‘z xatti-harakatini sportchilar sog‘lig‘iga zarar ekani bilan tushuntirmoqda. Bu haqda Algemeen Dagblad gazetasiga tayanib, “TASS” ma’lum qilmoqda.
Sportchilar orasida vahimani milliy televideniye orqali namoyish etilgan teledasturlardan biri keltirib chiqardi. Unda aytilishicha, sun’iy chimlarda ishlatiladigan rezina granulalarining 90 foizi avtomobillarning eski shinasidan ishlab chiqariladi. Shinalar tarkibida kanserogen moddalar bo‘lishi va bu o‘z navbatida sportchilar sog‘lig‘iga xavf solishi mumkin.
Mutaxassislarga ko‘ra, bunday holatlarda sportchilarda saraton kasalligining rivojlanishi moyilligi oshadi.
Teledastur mualliflari, shu o‘rinda, ushbu masalaga javobgar bo‘lgan Gollandiya atrof-muhit va sog‘liqni saqlash instituti granulalar borasida yetarlicha tadqiqotlar o‘tkazmagani haqida ogohlantirdi.
Gollandiya qirollik futbol ittifoqi, o‘z navbatida, sun’iy chimlar borasida qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazilishiga chaqirdi, ammo o‘z qoidalarini hozircha o‘zgartirmadi.
Izoh (0)