Pan Gi Mun fuqarolik samolyotlaridan karbonat angidrid gazi tashlanmalari hajmini cheklash bo‘yicha xalqaro kelishuvni ma’qulladi, shu bilan birga, atmosferani ifloslantirish ustidan nazorat borasidagi talablarni yanada kuchaytirishga chaqirdi. Bu haqda Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) bosh assambleyasi qabul qilgan qarorga izoh bergan BMT bosh kotibi rasmiy vakilining o‘rinbosari Farxan Haq ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.
“Bosh kotib havo kemalari parvozlari natijasida yuzaga keladigan karbonat angidrid gazi tashlanmalarini cheklash bo‘yicha birinchi muhim qadamni ma’qullaydi va bu boradagi standartlarga yanada keskin tus berishga chaqiradi”, — deya ta’kidladi Farxan Haq.
Oq uy ma’lumotlariga ko‘ra, ICAO yangi standartlari 2020—2040-yillarda karbonat angidrid gazi tashlanmalarini 650 million tonnaga kamaytirish, shuningdek, yoqilg‘i sarfini iqtisod qilish imkonini beradi. Bu choralar birinchi galda vazni 60 tonnadan oshiq yirik samolyotlarga qaratilgan: ularning hissasiga fuqarolik aviatsiyasidagi karbonat angidrid gazi tashlanmalarining 90 foizdan oshig‘i to‘g‘ri keladi.
Izoh (0)