Futbol bo‘yicha Ekvador terma jamoasi a’zosi Enner Valensiya Chiliga qarshi (3:0) JCh–2018 turniriga saralash bosqichining 9-tur o‘yinida jarohat olganini simulyatsiya qilib, politsiyadan yashirinishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Daily Mail nashriga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Xabarda ta’kidlanishicha, Valensiya o‘yin vaqtida politsiyachilarni maydonda ko‘rib qoldi va ulardan yashirinish uchun jarohat olganini simulyatsiya qilishga qaror qildi. Natijada u 82-daqiqada zaxiraga olindi va stadionni maxsus transportda, politsiya kuzatuvi ostida tark etdi. Bu vaqt advokatning tegishli hujjatlarni tayyorlab, politsiyani Valensiyani hibsga olmaslikka ko‘ndirish uchun yetarli bo‘ldi.
Ekvadorlik futbolchi aliment to‘lashdan bosh tortishda ayblanmoqda. Valensiya 4 oy uchun 17 ming dollar to‘lashi kerak.
Avvalroq sud ijrochilari 26 yoshli futbolchini 5-oktabr kuni, terma jamoaning mashg‘ulotlarida hibsga olmoqchi edi, ammo protokol noto‘g‘ri rasmiylashtirilgani uchun buning uddasidan chiqmadi.
Transfer huquqi Londonning “Vest Hem” klubiga tegishli Enner Valensiya ayni damda ijara asosida “Everton” jamoasida to‘p surmoqda. Uning yillik maoshi 170 ming funt sterlingga teng ekani ta’kidlanmoqda.
Izoh (0)