Niger rasmiylari 7-oktabr, juma kuni Mali bilan chegara yaqinidagi qochoqlar lageriga hujum qurbonlari xotirasiga ikki kunlik motam e’lon qildi. Prezident Muhammadu Issufu va mamlakat rahbariyati halok bo‘lganlarning oilalariga chuqur hamdardlik bildiradi. Bu haqda prezident ma’muriyati kommyunikesida ma’lum qilindi, deya xabar beradi “TASS”.
Qochoqlar lagerini qo‘riqlayotgan harbiylar manziliga hujum 6-oktabr, payshanba kuni ro‘y berdi. 30—40 nafar atrofidagi qurolli jangarilar harbiylar tushlik qilayotgan payt hujum uyushtirdi. Niger mudofaa vazirligi rasmiy vakili Mustafo Ledryuga ko‘ra, hujum oqibatida milliy gvardiyaning 14 askari, 5 nafar jandarm va 3 armiya harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi. Uch harbiy jarohatlandi.
Jangarilar avtomobillarda Mali hududidan kelgani, hujumdan so‘ng o‘zlari bilan qurol-yarog‘, o‘q-dori va transport vositalarini olib ketgani bildirilmoqda.
Izoh (0)