Sud ijrochilari Angliyaning “Everton”klubida ijara asosida to‘p surayotgan, transfer huquqi “Vest Hem” jamoasiga tegishli ekvadorlik futbolchi Enner Valensiyani mashg‘ulot vaqtida hibsga olmoqchi bo‘ldi, ammo buning uddasidan chiqmadi. Bu haqda AS nashri xabar bermoqda.
Hodisa Ekvador poytaxti Kito shahrida sodir bo‘ldi. Sud ijrochilari 6-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan Chili terma jamoasiga qarshi JCh–2018 turniriga saralash bosqichi o‘yiniga tayyorgarlik ko‘rayotgan Ekvador termasining mashg‘ulotiga keldi.
Xabarda qayd etilishicha, 26 yoshli futbolchi 17 ming dollar miqdorida aliment puli to‘lamagan. Politsiya sud ijrochilariga Valensiyani hibsga olishda ko‘mak bermagani uchun futbolchi mashg‘ulotni davom ettirdi.
Enner Valensiya turmush o‘rtog‘ining advokati Pol Marin politsiya sud ijrochilariga futbolchini hibsga olishda ko‘mak bermaganidan afsusda ekanini ta’kidladi.
“U mamlakat termasi safida to‘p suradi, ammo har oy aliment to‘lay olmaydi”, – dedi Marin.