O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonga muvofiq, eksport qilinayotgan tovarlarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikat ilgari xuddi shunday tovar uchun aynan sertifikat olgan arizachiga bir ish kuni mobaynida beriladi.
“Eksport qilinayotgan tovarlarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikat ilgari xuddi shunday tovar uchun aynan sertifikat olgan arizachiga bir ish kuni mobaynida beriladi”, — deyiladi hujjatda.
Bundan tashqari, farmon tadbirkorlik subyektlariga yana bir qator qulayliklar yaratilishini ko‘zda tutadi, jumladan:
xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yangidan tashkil etiladigan ishlab chiqarish korxonalariga ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish vaqtida amalda bo‘lgan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar stavkalarini (resurs va bojxona to‘lovlari bundan mustasno) besh yil mobaynida qo‘llash huquqi beriladi;
tadbirkorlik subyektlari hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risida ariza bergan taqdirda davlat boji to‘lashdan ozod etiladi;
tadbirkorlik subyektlarining eksport kontraktlarini davlat bojxona xizmati organlarida hisobga qo‘yish borasidagi talab valyuta nazorati organlari tomonidan Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi orqali tashqi savdo kontraktlari nazorati va monitoringini saqlab qolish sharti bilan bekor qilinadi, bundan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportini rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1997-yil 10-oktabrdagi PF-1871-son Farmonining 1, 2 va 4-ilovalarida nazarda tutilgan tovarlarni eksport qilish bo‘yicha kontraktlar mustasno.
Izoh (0)