Moskvaning “SSKA” klubi prezidenti Yevgeniy Giner jamoani sotishi mumkinligi haqida “Sports.ru” xabar berdi. Bunda nashr “armiyachilar” rahbariyati bilan aloqalari yaxshi bo‘lgan manbaning “Sovetskiy sport”ga bergan ma’lumotini asos qilib olgan.
Manbaning so‘zlariga ko‘ra, “SSKA” o‘tgan mavsumdan qolib kelayotgan futbolchilar oldidagi qarzdorligidan hozirga qadar qutilmagan.
“Ginerda jamoani sotish fikri paydo bo‘lgan. U Rossiya futbol jamoatchiligida katta obro‘ga ega. Ginersiz ‘SSKA’ni boshqarish yanada qiyin bo‘ladi”, — deb aytib o‘tgan nomi sir tutilayotgan manba.
Giner “SSKA”ni 2001-yil qabul qilib olgandi. Shundan keyin jamoa 6 marta Rossiya chempionligini va 7 marta mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi. 2005-yilda esa UEFA Kubogida zafar quchdi. Shu yilning sentabr oyida “SSKA” 30 ming muxlis uchun mo‘ljallangan yangi stadionini ochgandi.
Izoh (0)