O‘zbekiston Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 10-Toshkent viloyati okrug saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Okrug saylov komissiyasi a’zolari, saylov komissiyasi qoshidagi matbuot markazi xodimlari, jurnalistlar ishtirok etgan majlisda saylovni o‘tkazuvchi Toshkent viloyati saylov okrugi hududida saylov uchastkalarini tuzish, ularning a’zolarini shakllantirish, saylov uchastkalarini jihozlash masalalari muhokama qilindi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunning 10 va 11-moddalariga muvofiq tuman va shaharlar hokimliklari tomonidan saylov uchastkalarini tuzish to‘g‘risida okrug saylov komissiyasiga taqdimnomalar kelib tushdi. Hududda prezidentlik saylovini o‘tkazuvchi 874 saylov uchastkasi tuzildi.
Majlisda uchastka saylov komissiyalarini davlat ramzlari, zarur mebel jihozlari, aloqa vositalari, orgtexnika anjomlari, komissiya faoliyatini yorituvchi stendlar bilan to‘liq ta’minlash, saylov uchastkasi binosi va uchastka komissiyasi a’zolari uchun ajratilgan xonalar holati, ular joylashgan hududlarni obodonlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shu kuni ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun brifing tashkil etildi. Unda jurnalistlarga viloyatda saylovni o‘tkazishga tayyorgarlik ishlarining borishi haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Izoh (0)