3-oktabr kuni Stokgolmda Nobel haftaligi boshlandi. Tantanali haftalik fiziologiya va tibbiyot yo‘nalishidagi mukofot g‘oliblarini e’lon qilishdan boshlandi, deb xabar beradi “RBK”.
Tokio texnologiya universiteti xodimi Yoshinori Osumi mukofotga munosib ko‘rildi.
U hujayralar autofagiyasi (o‘zini yeyishi) sohasidagi kashfiyotlari tufayli Nobelga sazovor bo‘ldi.
“Bu kashfiyotlar hujayralar o‘z tarkibini qanday utilizatsiya qilishi bo‘yicha tushunchalarimizga yangi paradigma olib kirdi. Osumining kashfiyotlari autofagiyaning ko‘pgina fiziologik jarayonlar, jumladan, ochlikka moslashish va infeksiyalarga javob berishdagi muhim o‘rnini tushunishga yo‘l ochib berdi”, — deyiladi Nobel qo‘mitasi xabarnomasida.
Osumi tibbiyot sohasida Nobel mukofotiga bir o‘zi sazovor bo‘lgan 39-nomzoddir. 107 yil davomida ko‘pincha bir necha olimlardan iborat guruhlar mukofotni qo‘lga kiritib kelgan.
Izoh (0)