Koreya Respublikasining Inha universiteti gospitali shifokorlari “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi bilan hamkorlikda Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Inha universiteti gospitali shifokorlarining O‘zbekistonda bo‘lish dasturi doirasida o‘tkazilgan tadbirda onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi o‘tgan yili onalik va bolalikni muhofaza qilish yo‘nalishida Germaniyaning Friedensdorf International xalqaro tashkiloti, Koreya Respublikasining Save the Children xalqaro fondi bilan hamkorlik qilib, Inha va Pundan Cha universitetlari gospitallarida tug‘ma yurak nuqsoni, terining kuyish asoratlari, tug‘ma qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari va boshqa tashxislar bilan og‘rigan o‘zbekistonlik bolalarni bepul sog‘lomlashtirgan edi.
Inha universiteti gospitali mutaxassislari Navoiy viloyatida ham bo‘lib, aholini umumiy chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi.
Izoh (0)