Toshkentdagi Inha universiteti (IUT) qoshidagi Uzluksiz ta’lim markazi yakuniy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirib, oliy o‘quv yurtlariga kirgan tinglovchilarini taqdirlash marosimini o‘tkazdi. Bu haqda ICTNews xabar bermoqda.
Marosim chog‘ida Markaz menejeri Amirulla Abdullayev o‘tgan o‘quv yili yakunlarini e’lon qildi. Uning ta’kidlashicha, tayyorlov kurslarida ro‘yxatdan o‘tgan 320 tinglovchidan 145 nafari yakuniy imtihonlarda ishtirok etdi. Bu imtihondan muvaffaqiyat bilan o‘tgan 45 tinglovchi avtomatik tarzda Inha talabasiga aylandi.
Amirulla Abdullayevning qayd qilib o‘tishicha, kurs tinglovchilarining 82 foizdan ko‘prog‘i joriy yilda oliygohlarga talaba sifatida qabul qilindi. Ularning 61 foizi IUT talabasiga aylandi. Shuningdek, 145 tinglovchidan 118 nafari ingliz tili bo‘yicha IELTS imtihonlarini topshirib, 6 balldan yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘ldi.
Marosim davomida tinglovchilarga ular IUT’ga qabul qilinganligidan shahodat beruvchi sertifikatlar taqdim etildi.
Izoh (0)