Futbol mavsumining eng yaxshi futbolchisiga beriladigan “Oltin to‘p” sovrini yana France Football tomonidan topshirilishi, Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) esa alohida mukofot joriy etishi mumkin. Bu haqda Mundo Deportivo gazetasiga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Nashrning qayd etishicha, France Football va FIFA bir necha oylardan buyon “Oltin to‘p” mukofotini topshirish shartlari borasida muzokaralar olib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, muzokaralar unchalik ham muvaffaqiyatli davom etmayapti va France Football nashri mustaqil ravishda dunyoning eng yaxshi futbolchisiga sovrin taqdim qilishi mumkin.
France Football jurnali 1956-yildan boshlab “Oltin to‘p” mukofotini eng yaxshi futbolchiga topshirib kelgandi. 1988-yilda esa FIFA “Yil futbolchisi” mukofotini joriy etdi. 2010-yilda jurnal tahririyati va FIFA besh yillik shartnoma imzolagan edi. Unga ko‘ra, FIFA milliy terma jamoalarning murabbiylari, sardorlari va OAV vakillari ovozi orqali “Oltin to‘p” mukofotini topshirar edi.
Izoh (0)