Suriyada 12-sentabr kuni Toshkent vaqti bilan 21:00 da kuchga kirgan yarashuv to‘g‘risidagi bitim mamlakat birligini saqlash uchun so‘nggi imkoniyatga aylanishi mumkin. Bunday bayonot bilan AQSh davlat kotibi Jon Kerri 12-sentabr kungi brifingda chiqish qildi, deb yozadi “RBK”.
“Barcha tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi bitimni qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman, chunki u birdam Suriyani qutqarishi kerak bo‘lgan so‘nggi imkoniyatga aylanishi mumkin”, — dedi Kerri.
Davlat departamenti rahbari ta’kidlashicha, so‘nggi hisobotlar jangovar harakatlar faolligi biroz pasayganini ko‘rsatmoqda, ammo yakuniy xulosalar chiqarish uchun hali erta. “Shubhasiz, goh u yerdagi, goh bu yerdagi qonunbuzarliklar haqida xabar qilinadi, har qanday yarashuvning boshida shunday bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Tomonlarni yarashtirish bo‘yicha yangi reja haqida 9-sentabr kuni Kerri va uning rossiyalik hamkasbi, Sergey Lavrov o‘rtasidagi 15 soatlik muzokaralardan so‘ng e’lon qilingan edi. Kelishib olingan reja beshta hujjatni o‘z ichiga oladi, biroq ular maxfiy holda qoldi.
Izoh (0)