Yo‘lovchi tashuvchi poyezdlarda yong‘in sodir bo‘lganda yong‘inni bartaraf etish bo‘yicha rahbarlar va xodimlarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida joriy yilning 6-sentabr kuni “Qamchiq” dovonining “Angren—Pop” temir yo‘l uchastkasida “‘Qamchiq’ dovonining ‘Angren—Pop’ temir yo‘l uchastkasidagi tunnelda yo‘lovchi tashuvchi vagonda yong‘in bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va sodir bo‘lganda oqibatlarini bartaraf etish” mavzusida maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiy sayti xabar berdi.
Amaliy o‘quv mashqining asosiy maqsad va vazifalari etib quyidagilar belgilandi:- favqulodda vaziyatni bartaraf etishga jalb etiladigan kuch va vositalarning soniga va harakat qilish rejasiga aniqlik kiritish;
- “Qamchiq” dovonining “Angren—Pop” temir yo‘l uchastkasidagi tunnelda yo‘lovchi tashuvchi vagonda yong‘in sodir bo‘lganda jalb etiladigan kuch va vositalarning amaliy harakatlarini sinab ko‘rish;
- kuch va vositalarning alohida hamda boshqa tuzilmalar bilan hamkorlikdagi harakatlarida uyg‘unlikni oshirish;
- tunnelda jabrlanganlarni qutqarish usullarini ishlab chiqish.
Maxsus-taktik o‘quv mashqi uch bosqichda o‘tkazildi. Har bir bosqichda poyezd mashinisti, uning yordamchisi, vagon xodimlari, yong‘inni o‘chirish guruhi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘limi shaxsiy tarkibining vagonda yong‘in sodir bo‘lganda amalga oshiradigan harakatlari, shuningdek, ularning FVV qutqaruvchilari, Transport ichki ishlar bo‘limi xodimlari va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning ta’mirlash brigadasi bilan yo‘lovchilarni tunnel ichidagi vagonlardan evakuatsiya qilish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlari ko‘rib chiqildi.
O‘quv mashqi davomida qo‘yilgan maqsadga erishildi. Rahbarlar tarkibi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning kuch va vositalari, qutqaruvchilar turli xil vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor harakat qilish bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini yana bir bor oshirdi.
Izoh (0)