O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 7-sentabrda Boeing Commercial Airplanes kompaniyasi prezidenti Reymond Konnerni qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov vafoti munosabati bilan R. Konner Boeing kompaniyasi nomidan O‘zbekiston hukumati va xalqiga chuqur hamdardlik bildirdi.
Boeing kompaniyasi bilan fuqaro aviatsiyasi sohasida erishilgan yuqori darajadagi o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlik mamlakatning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qo‘shma loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaganining samarasi ekani ta’kidlandi.
Bugun Boeing kompaniyasi O‘zbekistonning yo‘lovchi tashiydigan zamonaviy samolyotlar yetkazib berish, ulardan foydalanish va xizmat ko‘rsatish borasidagi ishonchli hamkoridir. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi ayni paytda 15 ta Boeing samolyotidan foydalanmoqda. Milliy aviakompaniya tomonidan amalga oshirilayotgan barcha tashuvlarning yarmidan ko‘pi aynan ushbu havo laynerlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda va bu aviakompaniyaning mintaqadagi yirik hamda jadal rivojlanayotgan aviakorxonalardan biri sifatidagi o‘rnini mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi arafasida milliy aviakompaniya samolyotlari safiga eng zamonaviy va shinam Boeing-787 Dreamliner havo kemasi ham qo‘shildi. Mazkur layner shu yilning 5-sentabridan Urganch, Buxoro va Nukus shaharlariga dastlabki parvozlarni amalga oshirgan bo‘lsa, kelgusi haftadan xalqaro aviayo‘nalishlarga qatnay boshlaydi. Joriy yilning noyabr oyida esa O‘zbekistonga ikkinchi Dreamliner keltiriladi.
Mamlakatda, jumladan, milliy aviakompaniya o‘quv-mashg‘ulot markazini kompleks trenajyor uskunalari bilan ta’minlash orqali uchuvchi va mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikda samarali ishlar olib borilayotir.
Shu yilning yanvar oyida yangi qo‘shma loyiha — Uzbekistan Airways Techniques aviakorxonasi bazasida zamonaviy samolyotlar konstruksiyasining yirik kompozit materiallarini ta’mirlash bo‘yicha mintaqaviy markaz ishga tushirildi.
Reymond Konner qo‘shma loyihalar qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi va u rahbarlik qilayotgan kompaniya o‘zbekistonlik hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli hamda samarali hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Izoh (0)