“Rozetta” kosmik zondi bortidagi kamera missiya tugashiga bir oydan kamroq vaqt qolganida qariyb ikki yil avval yo‘qolib qolgan “Fili” zondini topdi, deb yozadi “Gazeta.ru” Yevropa koinot agentligiga tayanib.
“Rozetta” stansiyasining OSIRIS ilmiy qurilmasi yordamida olingan Churyumov-Gerasimenko kometasi tasvirlarida astronomlar “Fili” modulini ko‘rib qolishdi. Bungacha u yo‘qolgan deb hisoblanardi, uning qayerdaligi esa aniqlanmagan edi.
Yonboshi bilan yotgan zond aks etgan surat 2-sentabr kuni OSIRIS kamerasi tomonidan 2,7 km balandlikdan (zondga nisbatan) o‘tayotgan vaqtda olingan.
“‘Rozetta’ missiyasi bor-yo‘g‘i bir oydan so‘ng yakunlanadi, va biz nihoyat ‘Fili’ni kadrga muhrlab, uni eng mayda detallarigacha ko‘rishga erishganimizdan xursandmiz”, — dedi “Rozetta”dan olingan suratlarni birinchi bo‘lib ko‘rgan Sesiliya Tubiana.
Missiya 30-sentabr kuni yakunlanadi.
Izoh (0)