O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda “O‘zinvestloyiha” respublika injiniring kompaniyasi hamkorligida hududlarda ilmiy-loyiha ishlab chiqarish markazlari tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
“O‘zinvestloyiha” injiniring kompaniyasi qoshida tashkil etilgan ilmiy-loyiha ishlab chiqarish markazlari ishlab chiqaruvchilar hamda qayta ishlovchi korxonalarga eksportbop meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha ilg‘or jahon tajribasini o‘rganish, xalqaro va xorijdagi yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirishda yaqindan ko‘mak beradi.
O‘zbekiston seleksionerlari tomonidan sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkaning 170 dan ortiq, meva va rezavor ekinlar, uzumning 175 yangi navi yaratilgan. O‘zbekistonning noyob tuproq-iqlim sharoiti, to‘rt faslning izchil almashinuvi keng turdagi yuqori sifatli meva va sabzavotlarning asosiy navlarini yetishtirish uchun qulay imkoniyatlar yaratadi. Shuning uchun ham O‘zbekistonda yetishtiriladigan meva va sabzavotlar yuqori nufuzga ega bo‘lgan haqiqiy brendga – tovar belgisiga aylanib, bu mahsulotlarni sotib oladigan mamlakatlarda ular yuksak raqobatbardoshligi bilan ajralib turadi.
Ayni vaqtda yangi tashkil etilgan ilmiy-loyiha ishlab chiqarish markazlarida xorijiy bozorlar kon’yunkturasini chuqur o‘rganish, talab va taklifni tahlil qilish natijasida mahalliy meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti uchun yangi imkoniyatlarni aniqlash, xorijiy bozorlarni o‘zlashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Izoh (0)