Ukrainadagi “Inter” telekanali prezident Pyotr Poroshenkoga ofisiga hujum bilan bog‘liq vaziyatga munosabat bildirishni so‘rab, murojaat etdi. Kompaniya binoga o‘t qo‘yilgani, “Tafsilotlar” dasturi studiyasi butkul yo‘q qilingani va bir necha xodimlar is gazidan zaharlangani, bir xodimasi yong‘in vaqtida oyog‘ini sindirib olganini ma’lum qildi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
“Inter Media Group qonuniylikni tiklash va mavjud tartiblarga zid harakatlardan himoya etishni so‘rab, Ukraina prezidentiga ochiq murojaat etadi. Bosh prokuratura, xavfsizlik xizmati, ichki ishlar vazirligi va milliy politsiyaga sodir etilgan jinoyat yuzasidan shikoyat yo‘llandi. Inter Media Group xolis tekshiruv o‘tkazilishi va OAV faoliyati xavfsizligi kafolatlanishni talab qiladi”, — deyiladi telekanal xabarida.
4-sentabr, yakshanba kuni Kiyevda niqob kiygan 15 nafar noma’lum shaxs “Inter” telekanaliga binosiga kirib, studiyaga o‘t qo‘ydi va yashirinishga ulgurdi. Ular o‘zidan so‘ng tankka qarshi mina qoldirgani aytilmoqda.
Izoh (0)