Ayni vaqtda Saudiya Arabistonining Makka va Madina shaharlarida bo‘lib turgan o‘zbekistonlik hojilar O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning vafoti haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy portali xabar bermoqda.
2-sentyabr kuni Makka vaqti bilan soat 21:00 da ishchi guruh shtabida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Birinchi Prezidenti oila a’zolariga, yaqinlariga, butun O‘zbekiston xalqiga ta’ziya izhor qilindi va samimiy hamdardlik bildirib o‘tildi.
“Muhtaram Yurtboshimizning vafotlari munosabati bilan 3-sentabr kuni peshin namozidan so‘ng g‘oibona janoza namozi o‘qildi. Unda yurtdoshlarimiz Prezidentimiz oxiratlari obod bo‘lishi, joylari jannatdan bo‘lishini Yaratgandan so‘rab, duo-yu iltijolar qildilar, o‘zaro bir-birlariga sabr-toqat bildirdilar”, — deyiladi idora axborotida.
“Shuningdek, hojilarmiz muhtaram Yurtboshimiz haqlariga xatmi Qur’onlar o‘qidilar. Umra amallarini Masjidul Haramda ado etib, savobini muhtaram Prezidentimiz ruhoniyatlariga bag‘ishladilar va haqlariga duo-yu fotihalar qildilar”, — deya qo‘shimcha qilingan idora axborotida.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)