Andijon viloyatining Andijon tumanida “Samara” savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasi ish boshladi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Mustaqillikning 25 yilligi bayrami munosabati bilan Andijon viloyati shaharu qishloqlarida ham yangi ijtimoiy soha obyektlari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurilib, foydalanishga topshirildi. Aholiga savdo xizmati ko‘rsatish sifatini yuksaltirish va yanada qulaylik yaratish maqsadida Andijon tumanidagi Samara salt group oilaviy korxonasi tomonidan barpo etilgan “Samara” savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasi ana shunday obyektlardan biridir.
Korxonaning aylanma mablag‘i hamda “Hamkorbank” aksiyadorlik tijorat bankining 5 milliard so‘mlik krediti hisobidan savdo va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan loyihaning birinchi bosqichi doirasida barpo etilgan majmua yonida kelgusida ikki qavatli tantanalar saroyi qurilishi ham ko‘zda tutilgan.
Supermarket, oshxona, turli aloqa xizmatlari shoxobchalarini o‘z ichiga olgan majmua zamonaviy jihozlanib, xalqaro andozalar darajasida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. 75 ish o‘rniga ega bo‘lgan majmua ishchi-xodimlarining aksariyati kasb-hunar kollejini bitirgan yoshlardir.
Majmua hududiga o‘rnatilgan turli attraksionlar, ertak qahramonlari bilan bezatilgan maydoncha bolalarga zavq bag‘ishlaydi.
Izoh (0)