Singapurda Zika virusiga chalingan 115 kishidan 40 nafari chet ellik – 21 xitoylik, 13 hindistonlik va 6 nafar Bangladesh fuqarosi bo‘lgan. Bu haqda 1-sentabr, payshanba kuni Hindiston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Vikas Svarup ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“13 nafar Hindiston fuqarosining Zika virusiga topshirgan testi ijobiy chiqqani haqida ma’lumotimiz bor. Singapur sog‘liqni saqlash vazirligi kasallikka chalinganlarning soni yana oshishi mumkinligini xabar qildi”, – dedi Hindiston rasmiy vakili.
Shu yilning 27-avgust kunidan boshlab Singapurda 115 kishida Zika virusi aniqlandi. Singapur sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, kasallikka chalingan aksariyat chet elliklar qurilish sohasida ishlagan. Vazirlikning qayd etishicha, Zika virusiga chalinganlar mamlakatni tark etmagan.
Eslatib o‘tamiz, Singapurga borib kelgan malayziyalik ayolda ham Zika virusi aniqlangan va bu Malayziyada ushbu kasallikka chalingan birinchi holat sifatida qayd etilgan.
Izoh (0)