Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlab “O‘zbekiston xorijlik diplomatlar nigohida” deb nomlangan fotoko‘rgazma ochildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi tomonidan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan fotoko‘rgazmada Xitoy, Buyuk Britaniya, Latviya, Janubiy Koreya, Bangladesh, Indoneziya kabi mamlakatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari vakillari, xorijlik mehmonlar ishtirok etdi.
Ko‘rgazmada mamlakatda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus vakillari tomonidan suratga olingan 160 fotosurat namoyish etildi.
Ko‘rgazma ishtirokchilari fotosuratlarda O‘zbekistonni yorqin va o‘ziga xos, noyob va ko‘pqirrali o‘lka sifatida tasvirlagan. Tarixiy obidalarning mahobatli obrazlarida dunyo tamaddunining ko‘p asrlik qiyofalari va muhim davrlari aks ettirilgan. Fotosuratlarning katta qismi O‘zbekistonning mehmondo‘st va ko‘pmillatli xalqi hayotiga bag‘ishlangan.
Izoh (0)