Fransiyada narxi qariyb bir milliard yevroga teng dunyodagi eng qimmat villa sotuvga qo‘yildi, deya xabar bermoqda “Interfaks” Fransiya xalqaro radiosiga tayanib.
Nitssa yaqinidagi Kap-Ferra yarim orolida joylashgan “Kedrlar” villasi qachonlardir Belgiya qiroli Leopold II ga tegishli bo‘lgan. Hozir esa u Grand Marnier likyorini o‘ylab topgan Marnier-Lapostolle oilasiga qarashlidir.
Villaning hozirgi narxi 2008-yildagidan deyarli ikki barobar balandroq. O‘shanda uni rossiyalik biznesmenlardan biri 370 million yevroga (mebel uchun qo‘shimcha 19,5 million yevro) xarid qilmoqchi bo‘lgan, ammo oldi-sotdi amalga oshmagan.
Villada o‘nlab xonalar, mehmonlar qabul qilinadigan zal, otxona, qishki bog‘, xizmatkorlar uchun imoratlar, 50 metrli basseyn hamda 14 gektar maydonni egallagan va issiqxonalarida noyob tropik o‘simliklar namunalari o‘stiriladigan botanika bog‘i bor.
Izoh (0)