Iyul oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida Sirdaryo viloyati fermer va dehqonlari xorijlik kompaniyalar bilan 63 million dollarlik shartnoma imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Meva-sabzavot yarmarkasida Sirdaryo viloyatidagi eksportchi korxona va fermer xo‘jaliklari tomonidan 100 ming tonna meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.
“Xalqaro yarmarkada xorijlik hamkorlar bilan 30 million dollarlik mosh yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolashga erishdik, — dedi “Sirdaryinskiy bereg” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Botir Ismoilov. — O‘tgan qisqa vaqt ichida 1 million dollarlik mahsulot Ozarbayjon, Rossiya va Hindiston davlatlariga yetkazib berildi. Ayni paytda Boyovut, Guliston, Sayxunobod va Sirdaryo tumanlarida 1500 gektar maydonga takroriy ekin sifatida moshning yangi ‘Durdona’ navi ekilgan. Tik o‘sadigan va 70 kunda pishib yetiladigan bunday moshning afzalligi shundaki, uning hosili kombayn yordamida o‘rib olinadi”.
Korxona Boyovut, Guliston, Oqoltin, Sayxunobod, Sardoba va Sirdaryo tumanlaridagi bir qator fermer xo‘jaliklariga mosh urug‘ini yetkazib berib, ular bilan kontraktatsiya shartnomalari imzolagan. Moshni tozalash, qayta ishlash, navga ajratish va qadoqlash jarayonlari korxonaning o‘zida amalga oshiriladi.
Izoh (0)