Rio—2016 Olimpiadasiga jo‘nab ketgan 11 nafar o‘zbekistonlik bokschi orasidan Hasanboy Do‘stmatovga birinchi bo‘lib final jangiga chiqib kelish nasib qildi.
Olimpiadaning oltin medallari yo‘lida uning raqibi kolumbiyalik Yuberxen Martines edi.Hasanboy Do‘stmatov hal qiluvchi finalga qadar uch nafar raqibining har birini uchta raund natijasiga ko‘ra mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lgandi. Bular: meksikalik Xoselito Velaskes, qozog‘istonlik Birjan Jakipov va amerikalik Niko Ernandes.
Hal qiluvchi jangda ham aniq harakatlari bilan ajralib turgan o‘zbekistonlik sportchi raqibiga imkoniyat qoldirmadi va O‘zbekiston delegatsiyasiga Rio—2016 dagi birinchi oltin medalni taqdim etdi.
So‘nggi bor Olimpiadaning boks turida o‘zbekistonlik sportchi 16 yil avval — Sidney Olimpiadasida zafar quchgandi. Muhammadqodir Abdullayevdan keyin yana bir oltin medal Hasanboy Do‘stmatovga nasib qildi.
Izoh (0)