Ukraina xavfsizlik xizmati Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining Qrim yarim orolida rasmiy Kiyev tomonidan teraktlar tayyorlangani haqidagi ayblovlarini inkor etdi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
Bir muddat ilgari Rossiya xavfsizlik xizmati 6–8-avgust kunlari yarim orolda Ukraina maxsus kuchlarining diversion guruhlari qo‘lga olingani, ularning yonidan ko‘p miqdorda qurol-yarog‘ birliklari topilganini ma’lum qilgan edi. Bundan tashqari, Qrim hududida Ukraina foydasiga ishlagan agentlik tarmog‘i fosh etilgani, Ukraina bilan chegarada to‘qnashuv sodir bo‘lgani aytilgan edi. Ammo Ukraina tomoni bu iddaolarni rad etmoqda.
“Ukraina o‘z yerlarini kuch bilan egallamaydi va qaytarib olmaydi, biz bu ishni qilmaymiz. Buni sizga aniq ayta olaman”, — dedi Ukraina xavfsizlik xizmati rahbarining maslahatchisi Yuriy Tandit “Interfaks-Ukraina”ga bergan izohida.
“Shu bois bu nuqtai nazardan men FXX yoki Mudofaa vazirligining bayonotini to‘laligicha ters burib yuborishim mumkin. Ya’ni biz o‘z hududimizni kuch bilan qaytarmaymiz. U shunaqasiga ham bizniki, egalik huquqi bizda”, — qo‘shimcha qildi Tandit.
Uning ta’kidlashicha, Qrimda Ukraina fuqarolari istiqomat qiladi, shu bois rasmiy Kiyev ularga zarar keltirishi mumkin bo‘lgan qadamlarni tashlamaydi.
“Biz bu axborotni inkor etamiz”, — xulosa qildi Tandit.
Izoh (0)