Rossiyaning 201-harbiy bazasi xizmatchisi 31-iyulga o‘tar kechasi Tojikistonning Xatlon viloyati, Qo‘rg‘ontepa shahrida o‘ldirib ketildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni yordamchisi polkovnik Yaroslav Roshchupkin mahalliy OAVlarga ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Interfaks”.
Xabar qilinishicha, dastlabki tekshiruvlardan so‘ng tergov qotillik maishiy xarakterga ega ekanini xulosa qildi. “Og‘ir oqibatlarga olib kelgan mojaro kelib chiqdi. Jinoiy ish bo‘yicha taftish Tojikiston huquq-tartibot organlari hamda Rossiyaning 201-harbiy bazasi hamkorligida olib borilmoqda. Qurbonning Tojikistondagi xizmat muddati, ismi va shaxsiy ma’lumotlari haqidagi ma’lumot keyinroq ommaga taqdim etiladi”, – dedi Roshchupkin.
Mahalliy nashrlar Tojikiston huquq-tartibot organlaridagi manbasiga tayanib, 40 yoshli katta serjant Aleksey Buyenkov o‘ldirilganini ma’lum qildi. Rossiyalik harbiylar va mahalliy aholi o‘rtasida restoranda janjal kelib chiqishi oqibatida harbiy o‘ldirilgan.
201-harbiy baza Rossiyaning mamlakat tashqarisida joylashgan eng yirik harbiy obyekti hisoblanadi. Baza Tojikistonning Dushanbe va Qo‘rg‘ontepa shaharlarida joylashgan.
Izoh (0)