Yaponiyada issiq urishi oqibatida so‘nggi hafta davomida 4,1 ming kishi shifoxonaga yotqizildi, shulardan 8 nafari halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakat FVV va tez yordam funksiyasini bajaruvchi Yong‘inga qarshi kurash bosh boshqarmasi ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Qayd etilishicha, shu yilning aprel oyidan buyon Yaponiyadagi shifoxonalarga jazirama tufayli 25 ming kishi kelib tushgan. Jabrlanganlarning aksariyati – qishloqlarda yashaydigan va ko‘p vaqt mobaynida ochiq havoda ishlaydigan katta yoshdagi odamlardir.
Yaponiyada jazirama iyun oyi o‘rtalarida boshlandi. Yomg‘ir mavsumi yakunlanganiga qaramay, Tokioda vaqti-vaqti bilan momaqaldiroq bo‘lmoqda va issiq havo namlikning oshishi oqibatida kuchaymoqda. Kunduzi havo harorati Selsiy bo‘yicha 35 darajagacha ko‘tarilyapti.
O‘tgan hafta Yaponiyada issiq urishi oqibatida 2 kishi hayotdan ko‘z yumgani haqida xabar qilingandi.
Yaponiyalik shifokorlar odamlarga pana joylarda bo‘lishni, quyoshdan saqlaydigan bosh kiyimlarni kiyib, imkon qadar ko‘proq suyuqlik iste’mol qilishni tavsiya etmoqda.
Izoh (0)