Amerikalik olimlar Yer orbitasidan tashqariga kosmik parvozlar yurak va qon-tomir kasalliklari tufayli yuzaga keladigan o‘lim xavfini keskin oshiradi, degan xulosaga keldi. Katta ehtimol bilan, bu kosmik radiatsiya ta’siri bilan bog‘liq, deb yozadi “Interfaks”.
Florida universiteti xodimlari boshqa ilmiy markazlardagi hamkasblari bilan uch xil guruhdagi kosmonavtlar o‘limi sabablarini tahlil qildi, bular: koinotga hech qachon uchmaganlar, Yerning past orbitasida bo‘lganlar va “Apollon” Oy missiyasi a’zolari — bugungi kundagi Yer magnitosferasi tashqarisiga chiqqan yagona kishilar.
Yurak va qon-tomir kasalliklaridan o‘lish darajasi “Apollon” kosmonavtlarida (43 foiz) Yerda shug‘ullangan (9 foiz) va Yerning past orbitasiga uchgan (11 foiz) hamkasblaridagi ko‘rsatkichdan qariyb to‘rt barobar ko‘p ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Bunday qonuniylikning ehtimoliy sababini aniqlash uchun, tadqiqotchilar laboratoriya sichqonlariga vaznsizlik holati simulyatsiyasi bilan birga, kosmik radiatsiya ta’sirini berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, vaznsizlik yurak va qon-tomir tizimiga ko‘rinmaydigan salbiy ta’sir o‘tkazadi, ammo yarim yil davomida (inson hayotining 20 yiliga teng) uning ta’sirlari yo‘qoladi. Vaznsizlik holati simulyatsiyasi bilan birga yoki usiz, kosmik radiatsiya ta’siriga uchragan sichqonlarda shuncha muddatda arteriyaning ichki qobig‘i (endoteliya) funksiyalarining yaqqol buzilishi kuzatildi. Bunday buzilishlar ateroskleroz va u chaqiradigan kasalliklar (yurakning ishemiya kasalligi, ishemik insult va boshqalar) rivojlanishi asosida yotadi.
Izoh (0)