Moskvaning “Vnukovo” aeroporti qor kurovchi mashinasi haydovchisi Vladimir Martinenko va ekspluatatsiya bo‘limi navbat rahbari Vladimir Ledenev Fransiyaning Total kompaniyasi rahbari Kristof de Marjeri samolyotining qulashida aybdorliklarini tan oldi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
Bu haqda ayblanuvchilar Moskvaning Solnsevsk sudida o‘tgan eshituvlar chog‘ida ma’lum qildi.
2014-yilning 21-oktabriga o‘tar tunda Fransiyaning Total neft-gaz kompaniyasi rahbari Kristof de Marjeri xorijiy investitsiyalar bo‘yicha konsultatsion yig‘ilishdan qaytayotgan edi. Top-menejer borti — Falcon havo kemasi maxsus texnika avtomobiliga tegib ketib, olov oldi va quladi. Samolyot butunlay yonib ketdi, ichkaridagi odamlarni qutqarishning imkoni bo‘lmadi. Fojia oqibatida Kristof de Marjeri hamda ekipajning uch a’zosi halok bo‘ldi. Samolyot tegib ketgan qor kurash mashinasi haydovchisiga zarar yetmadi.
Moskvaning Solnsevsk tuman sudi ishni 14-iyul kunidan ko‘rib chiqa boshlagan edi. Jinoiy ish bo‘yicha aerodrom va dispetcherlik xizmatlari xodimlari — dispetcher Nadejda Arxipova, parvozlar rahbari Roman Dunayev, dispetcher Aleksandr Kruglov, yetakchi muhandis — foydalanish bo‘limi navbat rahbari Vladimir Ledenev va qor yig‘ishtirish mashinasi haydovchisi Vladimir Martinenko gumondor hisoblanmoqda.
Izoh (0)