Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasida 1-davra hisobidan qolib ketgan so‘nggi uchrashuv o‘z yakuniga yetdi. Toshkentda Navoiyning “Qizilqum” klubini qabul qilgan “Lokomotiv” 2:0 hisobida zafar quchdi.
Uchrashuvning 4-daqiqasiga kelib milliy terma jamoa prinsiplariga to‘g‘ri kelmayotgani aytilgan Temurxo‘ja Abduxoliqov “temiryo‘lchilar”ni oldinga olib chiqdi. 89-daqiqada esa milliy terma jamoa prinsiplariga mos bo‘lgan futbolchi Marat Bikmayev hisobning 2:0 bo‘lishini ta’minladi.
“Lokomotiv” safida “Nasaf”dan kelib qo‘shilgan Artur Gevorkyan uchrashuvni boshlang‘ich tarkibda o‘tkazdi va 80-daqiqada almashtirildi. “Qizilqum” tarkibida ham “Nasaf”ni tark etgan futbolchi — Erkin Boydullayev o‘ynadi. Shuningdek, Malayziya chempionatidan qaytib kelgan Vohid Shodiyev ham Navoiy klubiga yordam berdi.
G‘alaba “Lokomotiv”ni 39 ochko bilan turnir jadvali peshqadamiga aylantirdi. Ta’qibchi “Bunyodkor” hisobida 37 ochko bor.
Mos ravishda “Nasaf” va “Metallurg” 28, “Paxtakor” 27, “Buxoro” va “Qizilqum” 23 ochko bilan birinchi davrani yakunladi.
Izoh (0)