Braziliya federal sudi WhatsApp mobil dasturiga ega bo‘lgan Facebook kompaniyasi hisoblaridagi 38 million realni (11,7 million dollar) xatlab qo‘yish haqida qaror chiqardi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Ushbu qarorga messenjer vakillarining mamlakat huquqni muhofaza qilish organlariga ba’zi foydalanuvchilar yozishmalarini qo‘lga kiritish imkonini taqdim etishdan bosh tortganligi sabab bo‘ldi.
Braziliya sudlari WhatsApp’ni butun mamlakat hududida bloklab qo‘yish haqida to‘rt marta qaror chiqardi. Bu kabi qarorlar o‘tgan yilning fevral va dekabr, shuningdek, joriy yilning may va iyul oylarida qabul qilingan edi.
Ular har safar telekommunikatsiyaviy kompaniyalar va messenjer egalarining apellyatsiyalaridan so‘ng bekor qilingan.
Iyun oyi oxirida Braziliyaning Londrina shahri sudi Facebook kompaniyasining hisoblaridagi 19,5 million realni xatlab qo‘yish haqida qaror chiqardi. Bu summa tergovga yordam berishni rad etganligi uchun Janubiy Amerika mamlakatining hukumati tomonidan yuklatilgan jarimaga tengdir. O‘shanda Braziliya huquqni muhofaza qilish organlari mobil dasturdan foydalangan gumonlanuvchilarning yozishmalarini qo‘lga kiritishga uringan.
Izoh (0)