O‘zbekiston milliy terma jamoasining JCh—2018 3-saralash bosqichidagi ilk raqibi Suriya terma jamoasi bo‘ladi. 3-saralash bosqichiga qadar 7 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan jamoa yetakchisi Umar Xarbin FIFA rasmiy saytiga intervyu berib, bo‘lajak raqiblar haqida fikr bildirdi.
O‘FF matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Xarbin yana 4 ta gol kirita olsa, Suriya termasining JCh saralashlari tarixida 11 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan Said Boyazidga yetib oladi. Boyazid 2002-yilgi saralash o‘yinlarida shuncha gol urgan futbolchi hisoblanadi.
“Boyazidning rekordini yangilash keyingi bosqich o‘yinlarida men uchun motivatsiya bo‘lib xizmat qiladi”, — dedi 22 yoshli futbolchi. 2-bosqichda Singapur maydonida gol urgan Xarbin, o‘sha golini saralashdagi eng qadrlisi deb atagan. Chunki o‘sha gol so‘nggi soniyalarda kiritilgan bo‘lib, Suriyaning navbatdagi bosqichga yo‘l olishida katta rol o‘ynagan.
“Biz joy olgan guruh ikkinchisidan murakkabroq. Chunki bunda hammaning kuchi teng. Ammo imkonsiz ishning o‘zi yo‘q. Ikkinchi bosqichdagi kabi o‘ynay olsak, maqsadimizga yetishimiz mumkin”, — deydi Umar Xarbin.
Xarbin Eron milliy terma jamoasini guruhdagi eng kuchlisi deb atadi. — “Koreyaning holati esa avvalgidan biroz pasaygandek. Livandan uchragan mag‘lubiyati ham buni ko‘rsatib turibdi. Xitoy so‘nggi vaqtlarda ancha o‘sdi, Qatarda bir qator iqtidorli futbolchilar bor. Maqsadimiz guruhni ikkinchi, hech bo‘lmaganda uchinchi o‘rinda yakunlash”.
O‘zbekiston va Suriya terma jamoalari 1-sentabr kuni Toshkent shahrida to‘qnash keladi. — “Aminmanki, o‘yin ikki jamoa uchun ham qiyin bo‘ladi. Nima qilib bo‘lsada ochko ishlashimiz kerak”, — dedi Umar.
“Biz uchun eng muhimi — suriyaliklar yuziga tabassum ulashish. Umid qilamanki, bu maqsadda terma jamoaning barcha futbolchilari birlashadi. Mamlakat boshiga tushgan murakkab bir davrda vatandoshlarimiz qalbiga oz bo‘lsada iliqlik olib kirmoqchimiz. Bu bizni o‘yinlarga chog‘layotgan, ishtiyoq berayotgan asosiy motivatsiyadir. Biz doim muxlislar haqida o‘ylaymiz va umid qilamanki, biz Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritamiz”.
Izoh (0)