Yerning yetti milliardinchi fuqarosining onasi Yelena Nikolayeva Rossiyaning Kaliningrad viloyatida saratondan vafot etdi, deb yozadi “RIA Novosti” Yelenaning do‘stlariga tayanib.
Yelena Nikolayeva — 2011-yil 31-oktabrda Kaliningradda tug‘ilgan Petya Nikolayevning onasi. U BMT tomonidan Yerning yetti milliardinchi fuqarosi deb tan olingan edi. Yelena va Aleksey uchun u uchinchi farzandga aylandi. Petya tug‘ilganidan so‘ng Nikolayevlar oilasini Vladimir Putinning shaxsan o‘zi tabrikladi. Shuningdek, oilaga Kaliningradda alohida uy-joyga ega bo‘lish uchun sertifikat berildi.
O‘g‘li tug‘ilganidan bir necha oy o‘tib, shifokorlar Yelenaga sut bezi saratonining uchinchi bosqichi tashxisini qo‘ydi. Ayolning qarindoshlari Yelenani Isroildagi shifoxonalardan birida davolatish uchun mablag‘ to‘pladi.
Dastlab uni Moskvada bir necha marta operatsiya qilishdi, ammo so‘nggi vaqtlarda jiddiy qaytalanishlar kuzatildi. Yelena mablag‘ to‘planganiga qaramay, Isroilga borishdan bosh tortdi, mablag‘ni esa u cherkovga topshirdi. Oilada Petyadan tashqari yana ikki bola (9 va 11 yosh) qoldi.
Izoh (0)