AQShning Turkiyada sodir bo‘lgan davlat to‘ntarishiga urinishiga hech qanday aloqasi bo‘lmagan va buning aksini ta’kidlaydigan har qanday da’volar Vashington va Anqaraning ikki tomonlama aloqalariga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Bu haqda AQSh prezidenti Barak Obama meksikalik hamkasbi Enrike Penya Nyeto bilan qo‘shma matbuot anjumanida nutq so‘zlar ekan ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
Obamaning so‘zlariga ko‘ra, uning mamlakati Turkiyaning qonuniy hukumatini “ag‘darishga bo‘lgan har qanday urinishlarni qat’iy rad qiladi”. “Vashington Anqaradagi demokratik hukumatni qo‘llab-quvvatlaydi”, — deya ta’kidladi AQSh prezidenti.
Uning ishontirishicha, AQSh Turkiyada isyonchilarning tayyorgarliklari haqida bilgani yoki ularning faoliyatiga aloqador bo‘lgani haqidagi “har qanday xabarlar butunlay yolg‘on” hisoblanadi.
Obama ushbu ma’lumotni yaqinda bo‘lib o‘tgan telefon suhbati chog‘ida Turkiya prezidenti Toyyib Erdo‘g‘onga yetkazganini aytdi. Shu bilan birga, Amerika yetakchisi suhbatdoshini Turkiyada yangrayotgan AQShning fitnaga aloqadorligi haqidagi ayblovlar Vashington va Anqaraning aloqalariga putur yetkazayotgani haqida ogohlantirdi.
Izoh (0)