Nitssalik terrorchi Muhammad Luxuayej Buxlel hujumdan bir necha soat avval oilasiga suratini yuborgan va baxtli ekanligini ma’lum qilgan. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Avvalroq fransuz telekanallaridan biri haydovchining qo‘shnilari ma’lumotiga tayanib, u xotini bilan ajrashganligi uchun tushkunlikda bo‘lganligini ma’lum qilgan edi. Bunga uning moliyaviy muammolarni boshdan kechirganligi va ajrashish yuzasidan kuchli qayg‘urganligi sabab bo‘lgan.
“U menga selfisini yuborib, hayoti yaxshi ekanligi va baxtliligini aytdi”, — deb so‘zlab bergan Mirror nashriga Buxlelning akasi Jobir.
Buxlelning qarindoshi Sokri Amimiy nashrga Muhammad yoshligidan ruhiy kasalliklardan aziyat chekkanligini ma’lum qilgan. “Uning yetti nafar akasi va uch nafar singlisi bo‘lib, faqat u kasal edi. U juda ko‘p giyohvand moddalar qabul qilib, ruhiy kasal ekanligini tushunsa-da, duch kelgan narsani ichar edi”, — dedi Amimiy.
Eslatib o‘tamiz, 14-iyul oqshomida Bastiliya qal’asining olinishi munosabati bilan uyushtirilgan bayram tadbirlari doirasida mushakbozlikni tomosha qilgani Nitssaning Ingliz sohiliga yig‘ilgan olomon ustiga yuk mashinasi bosib borgan. Hujum oqibatida 84 kishi halok bo‘lgan, jarohatlanganlarning aksariyati og‘ir ahvolda.
Izoh (0)